Mahalliy

«Informatika darsliklari butunlay o‘zgartiriladi» – Shermatov ATni o‘qitishdagi 4ta muammoni sanadi

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov maktablarda axborot texnologiyalarini o‘qitishdagi muammolarni sanab o‘tdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Birinchi navbatda, barcha maktablarda axborot texnologiyalari uchun infratuzilmani yaxshilash masalasi turibdi. Ko‘p maktablarda yuqori tezlikdagi internet umuman bo‘lmagan. Farg‘ona viloyatida 41 foiz maktab internetga ulandi. Yaqin orada hammasi ulanadi.

Ikkinchidan, o‘qituvchining malakasini oshirish. Axborot texnologiyalaridan dars beradigan o‘qituvchining o‘zi bilim jihatdan orqada. Har bir tumanda raqamli texnologiya markazi ochilib, ular o‘qituvchilarning malakasini oshirish bo‘yicha ishlaydi. Shuningdek, har bir tumanda axborot texnologiyalari bo‘yicha bitta tayanch-ixtisoslashgan maktab bo‘ladi. U yerda o‘qituvchilar malakasi oshirilib, boshqa maktablarga tarqatiladi.

Uchinchi masala – frilanserlik bozorini rivojlantirish. Tahlil qilganimizda ko‘rdikki, upworking.com’da poytaxt yoki shahar markazidagi emas, oddiy tumandan yoshlar o‘tirib pul topyapti. Oyiga 10 mln so‘m. Oliy ta’limda ham o‘qimagan. Nega boshqa yoshlar shu ishni qila olmaydi? Nafaqat axborot texnologiyalari, internet orqali qo‘shimcha daromad topish bo‘yicha ham ishlaymiz.

 

Navbatdagi masala – darsliklar. Informatika darsliklari asosan user – foydalanuvchi tayyorlashga moslashgan, ishlab chiqaruvchini emas. Kompyuterni yoqadi, matn teradi, shu bilan chegaralanadi. Bu darsliklar mazmuni mutlaqo o‘zgartiriladi. Foydalanuvchi emas, developer [dasturiy mahsulot ishlab chiqaruvchi] tayyorlashga e’tibor qaratiladi.

Shuningdek, dizayn masalasi. Darsliklar faqat matndan iborat, zerikarli. Vizual jihatdan yangilik qilinadi.

Faqat darslik emas, onlayn resurslar bilan ishlash tizimiga ham o‘tilishi kerak», dedi Shermatov 7 iyun kuni Xalqaro press-klubning Farg‘onadagi sessiyasida.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Skip to content