Mahalliy

«Islom dini ham ilm olishga targ‘ib qiladi» – Vazir qizlarning o‘qishiga qarshi bo‘ladigan ota-onalarga murojaat qildi

Xalq ta’limi vaziri O‘zbekistonning ayrim hududlarida qizlarning oliy ta’lim olishdagi muammolari haqida gapirib, qizlarning o‘qishga kirishiga salbiy qaraydigan ota-onalarga murojaat qildi.

9 iyul kuni pandemiya sharoitida OTMlarga qabul jarayonlarini tashkil qilish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan brifingda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov yoshlarning oliy ta’lim muassasalariga kirishi bo‘yicha hududlar o‘rtasida kuzatilayotgan tafovutlar va buning sabablari masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

Vazir brifingga yig‘ilgan OAV xodimlaridan bolalarda ta’lim olishga bo‘lgan ishtiyoqni oshirish, onlayn ta’limda kuzatilayotgan qiyinchiliklar va kamchiliklarga qaramay ta’limning ijobiy jihatlarini ko‘rsatishda vazirlikka yordam berishni so‘radi.

«Bu bo‘yicha ota-onalardan ham iltimosimiz bo‘lardiki, mana bugungi tadbirda ko‘plab nashrlar, jumladan, Azon.tv, Kun.uz va boshqalarni ko‘ryapman. Sizlardan bu narsani ularga yetkazishda yordam so‘ramoqchiman.

Biz Toshkent shahri yoki viloyatlarida universitetlarga kirish bo‘yicha eng past va eng yuqori ko‘rsatkichni o‘rganish uchun kichik bir tahlil o‘tkazdik. Bu gapimdan keyin uni turlicha tahlil qilib hayp qilish, yoki qandaydir shov-shuvlar qilish kerak emas. Unga ko‘ra, afsuski, Toshkent shahridagi eng past ko‘rsatkich o‘zimizning eski shaharda… o‘zim ham eski shaharda tug‘ilganman. Bu yerda gap Shayxontohur va Olmazor tumanlari haqida.

O‘qishga kirish bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlar esa turli millat vakillari yashaydigan hududlarda kuzatilmoqda», deya Shermatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Sherzod Shermatov yoshlarning oliy ta’lim muassasalariga kirishi bo‘yicha boshqa hududlarda o‘tkazilgan tahlil natijalarini ham keltirib o‘tdi.

«Bundan tashqari, ikkita yonma-yon shahar – Marg‘ilon va Farg‘ona shahrini olaylik. Afsuski, o‘qishga kirish bo‘yicha viloyatda eng past ko‘rsatkichlardan biri Marg‘ilon shahrida kuzatilyapti. Farg‘onada esa eng yaxshi. Xuddi shunday, Zarafshon bilan boshqa istalgan hududdagi holatni solishtirish mumkin.

Men nega bu narsani aytyapman? Ertaga bu gapimni hamma turlicha talqin qilishi mumkin, lekin iltimosim shuki, aynan Azon.tv va boshqa nashrlar biz nazarda tutayotgan holatni o‘z auditoriyasiga yetkazishi kerak.

Islom dinida o‘qimagin, degan gap yo‘q. «Beshikdan qabrgacha ilm izla», degan hadislarimiz bor. Shularni ota-onalarimizga yetkazib beringlar. Farzandlarimiz imkon qadar o‘qishsin, ilm o‘rganishsin. Farzandlarimiz qancha ko‘p o‘qib, ilm o‘rganishsa, bu faqat ularning kelajagi uchun foydali bo‘ladi.

Ko‘pincha Namangan va Marg‘ilon shaharlaridagi maktablarga borganda sinf jurnallarini ko‘ramiz. Jurnallarda ko‘p qizlar yaxshi baho olgan, a’lochi, lekin o‘qishga kirmaydi. Sababini so‘raganimizda, ular o‘qishga kirishga hujjat ham topshirmagan bo‘ladi. Bu juda alamli. Bu yerdagi qizlarning ota-onasi institutga hujjat ham topshirtirmagan. Bundan tashqari, hozir qizlarga alohida imtiyozlar berilyapti, lekin mana shu imtiyozlardan ham foydalanilmayotgani achinarli.

Sizlardan iltimos, shu gaplarni ota-onalarga yetkazinglar. Bunday tafovutlar bo‘lishi noto‘g‘ri. Deylik, Farg‘ona bilan Namangan o‘rtasida, yoki Shayxontohur, Olmazor bilan Mirzo Ulug‘bek, Mirobod orasida bunchalik katta farq bo‘lishi yaxshilikka olib kelmaydi», dedi Sherzod Shermatov.

Brifing yakunida jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, vazir tadbir davomida aytgan fikrlariga ham qo‘shimcha izoh berib o‘tdi.

«Bu yerda gap faqat qizlar haqida emas. Ertaga mening gaplarimni turlicha talqin qilishlarini, menga qarshi har xil gaplar bo‘lishini ham bilaman va bunga tayyor bo‘lishimiz kerak.

Men yuqorida hududlar o‘rtasidagi tahlil natijalarini keltirib o‘tdim. Agar bu tahlillarni o‘zaro solishtirsak, ularni nima bog‘lab turibdi? Afsuski, o‘qishga kirish ko‘rsatkichi pastroq bo‘lgan hududlarda asosan o‘zimizning millatdoshlarimiz ko‘proq yashaydi.

Islomda o‘qima, degan gap yo‘q. Afsuski, hayotning o‘zi ko‘rsatyaptiki, ayrim hududlardagi oilalar farzandini birinchi navbatda o‘qishga emas, boshqa yo‘nalishlarga yo‘naltirishmoqda. Mayli, ular farzandimga diniy ilm beraman der, bu mening vakolatimdagi masala emas, aralashmayman. Lekin bolaga maktab, oliy ta’lim bilimini olishiga ham imkoniyat yaratib berishimiz kerak-da. Chunki, bola ertaga hayotda o‘z o‘rnini topib ketishi kerak.

Agar bu yillar davomida davom etaversa, bu o‘sha hududlarni oqsoqlikka olib keladi. Bu hududlarda ham oliy ma’lumotli yoshlar ko‘paysa, o‘sha hududlarda sifatli kadrlar soni, kasb egalari ham ortadi», degan Xalq ta’limi vaziri.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Skip to content