Mahalliy

Jyenevada O‘zbekiston prezidentining BMTda bergan takliflarini amalga oshirishga kirishilgani ma’lum qilindi

BMTning Jyenevadagi bo‘linmasida O‘zbekistonning doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida ilgari surgan takliflariga xalqaro doirada qanday munosabat bildirilayotgani haqida ma’lumot berdi.

 

«O‘zbekiston rahbarining BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida bergan takliflari dolzarb va jahon hamjamiyatida talab bo‘lgan tashabbuslar sifatida baholanmoqda.

Masalan, BMT Parlamentlararo ittifoqi rahbari Marten Chungong barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta’minlashda parlamentlarning o‘rnini kuchaytirish muhimligi to‘g‘risidagi tashabbusni yuqori baholadi. Uning aytishicha, Parlamentlararo ittifoq bu tashabbusni amalga oshirishda har tomonlama yordam berishga tayyor.

Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani qabul qilish to‘g‘risidagi taklif haqida Shveytsariyaning International diplomat nashri bosh muharriri yoshlar mavzusidagi tashabbuslarni ilgani surishda O‘zbekiston boshqa har qanday davlatdan bir qadam oldinda yurishini aytib o‘tdi», – deya ta’kidladi u.

O‘zbekiston koronavirus kurashida saralangan 28ta mamlakat qatorida

Ulug‘bek Lapasovga ko‘ra, pandemiya davrida mamlakatlarning ixtiyoriy majburiyatlarni qabul qilish to‘g‘risidagi kodeksni ishlab chiqish taklifi Shavkat Mirziyoyev tomonidan birinchi marta shu yilning iyul oyida Xalqaro mehnat tashkiloti o‘tkazgan sammitda ilgari surilgan edi.

«O‘zbekistonning koronavirus va uning oqibatlariga qarshi kurashish bo‘yicha qilayotgan ishlari JSSTning bosh direktori Tedros Gebreyyesus va XMT bosh kotibi Gay Rayder tomonidan yuqori baholanib kelinmoqda.

Dunyoning faqatgina 28ta mamlakati qatorida O‘zbekiston ham JSST bosh direktori tomonidan COVID-19’ga qarshi kurashish uchun vositalardan foydalanishni tezlashtirish tashabbusining koordinatsion kengashiga taklif etilgan.

Bu – respublikaga pandemiyaga qarshi kurashishda muvofiqlashtirilgan global harakatlarni amalga oshirish, asosiy muammolarni yechish uchun qaror qabul qilishda faol ishtirok etishda yordam beradi», – deya qayd etdi O‘zbekiston vakili.

Toshkent xalqaro iqtisodiy forumga mezbonlik qiladi

Ta’kidlanishicha, davlat rahbarining iqtisodiy sohaga oid takliflari Jyenevada joylashgan xalqaro iqtisodiy tashkilotlar tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanmoqda. Masalan, yaqinda BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining mintaqaviy maslahatchisi Mariya Apostolov O‘zbekiston tomonidan berilgan har bir taklif tashkilotda qiziqish uyg‘otishini aytgan.

Ulug‘bek Lapasovning fikricha, O‘zbekistonda kuzatilayotgan rivojlanish dinamikasi butun mintaqaga yaxshi ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston 2021 yilda Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun maxsus dastur – SPeKAda raislikka taklif qilingan va uning doirasida yirik iqtisodiy forum Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

«Qisqacha aytganda, oxirgi yillarda prezident tomonidan olib borilayotgan izchil ichki va tashqi siyosat, ijobiy o‘zgarishlar Jyenevada joylashgan xalqaro tashkilotlar tomonidan ijobiy baholanmoqda. Masalan, bir vaqtlar O‘zbekiston XMTning «qora ro‘yxat»ida edi. Hozir esa tashkilot tomonidan boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsatiladigan davlatlar qatoridamiz. Bu mamlakatdagi siyosatning to‘g‘riligi va u qo‘llab-quvvatlanib kelinayotganini bildiradi.

2017 yilda BMT sessiyasida Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar ham oqilona amalga oshirilmoqda. Xalqaro doirada ular faqat O‘zbekiston emas, balki butun hamjamiyat teng manfaatdor ekani haqida bilishadi. Jyenevada xalqaro sheriklarimiz bilan hamkorlikda prezidentning tashabbuslarini amaliy bajarishga kirishdik», – deydi Ulug‘bek Lapasov.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Skip to content