Mahalliy

Maktab ta’miriga yordam ixtiyoriy bo’lish kerak

Umumtaʼlim maktablarida oʻquv yili yakuniga yetib bormoqda. Shu bois maktab maʼmuriyati sinf xonalarini keyingi oʻquv yiliga tayyorlash haqida oʻylab, harakatni boshlashi tabiiy.

Bu jarayon faqat ixtiyoriy ravishda boʻlishi kerak. Agarda kimdir oʻz farzandini oʻqishiga qoʻshimcha sharoit yaratmoqchi, nimanidir taʼmirlamoqchi yoki maktabga yana qandaydir yordam bermoqchi boʻlsa uni bemalol qilishi mumkin. Joylarda maktablarning moddiy-texnik ahvoli qanday ekanligini ota-onalar yaxshi bilishadi. Lekin hammaga bir xil yondashib, ota-onalardan majburiy pul yigʻish holatlarini oldini olish kerak. Hozirgi pandemiya sharoitida koʻpchilik iqtisodiy qiyinchilikni boshidan oʻtkazmoqda. Shuning uchun ham bu masalada maktab maʼmuriyatidan toʻgʻri yondashuvni taʼminlashni soʻraymiz.

Keyingi oʻquv yilidan aksariyat maktablarda yuqori sinf oʻquvchilari ham boshlangʻich sinf oʻquvchilariga oʻxshab, oʻz sinf xonalarida oʻqish imkoniyatiga ega boʻladi (avvalgi kabinet tizimidek, sinfma-sinf yurmasdan). Bu esa nafaqat sinfni taʼmirlash uchun koʻrsatilgan yordamni toʻgʻri ishlatilishiga, balki keyinchalik ushbu oʻquvchilar tomonidan oʻz sinflari holatini yaxshi saqlashiga ham oʻz hissasini qoʻshishi kerak.

Bundan tashqari, maktablar homiylarni jalb qilgan holda qoʻshimcha mablagʻ topishi mumkin. Homiylar turli korxona, sobiq bitiruvchilar, oʻquvchilarning ota-onalaridan iborat boʻlishi mumkin. Homiylik ixtiyoriy tarzda va qonuniy tashkil etilishi lozim. Yaʼni, pul mablagʻlari maktab hisobiga tushishi va mablagʻni sarflanishi boʻyicha maʼlumot olishi uchun sharoit yaratilishi kerak.

Hozirgi kunda maktablarda Kuzatuv kengashlari faoliyat yuritmoqda. Kuzatuv kengashiga oʻquvchilarning ota-onalari, sobiq bitiruvchilar, oʻqituvchi va boshqalar saylanishi mumkin. Kuzatuv kengashi aʼzolari byudjetdan hamda qoʻshimcha ishlab topilgan mablagʻlarni samarali va maqsadli sarflanishini nazorat qilish vakolatiga ega.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Skip to content