Mahalliy

«Maktablarda qat’iy forma talab qilinmaydi» – vazir ota-onalardan yoppasiga bozorga bormaslikni so‘radi

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov yangi o‘quv yilini boshlash masalasidagi matbuot anjumanida maktab formasi masalasiga to‘xtaldi.

«Ota-onalardan bundan oldin ham bir necha marta iltimos qilgan edik, yana bir marta iltimos qilmoqchimiz. O‘quv yili boshlanadi, deb hamma ertaga bozorga borishi kerak emas. Karantin cheklovlari yumshatilgani bilan virus yo‘qolgani yo‘q. Shuning uchun odamlar maktab uchun bozorlik qilamiz deb bolalarini bozorga olib borishi, o‘ziga, bolasiga yoki boshqalarga virus yuqtirishi kerak emas», – dedi xalq ta'limi vaziri.
Vazirning aytishicha, viloyat hokimliklariga zaruriy holatlarda oktabr oyiga qadar maktab yarmarkalari tashkil qilish vazifasi yuklatilgan.

Shuningdek, Sherzod Shermatov joriy yil maktablarda forma qat'iy bir xilda bo‘lishi kerak degan talab qo‘yilmasligini ma'lum qildi.

«Hech narsa, hatto davomat ham qat'iy talab qilinayotgani yo‘q. Forma ham xuddi shunday: bu bo‘yicha ma'lum tartiblarga rioya qilinsa, bo‘ldi.

Majburiy forma to‘g‘risidagi qarorni qabul qilish vaqti ham surilgan. Lekin formaning ham o‘ziga yarasha talablari bor. Masalan, maktab talablariga to‘g‘ri kelmaydigan kiyim bilan ichkariga kirib bo‘lmaydi.

Birorta davlat maktabi biror sexdan borib forma sotib olishni o‘quvchilaridan talab qila olmaydi. Xususiy maktablarda ehtimol ichki tartib-qoidasidan kelib chiqib, bunday talab qo‘yishi mumkindir», – deya vazirning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Avvalroq maktablarni 14 sentyabrdan ochish haqida taklif berilgani, bu bo‘yicha ota-onalardan so‘rovnomalar olinib, ularning fikrlari o‘rganilishi xabar qilingandi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Skip to content